Telefonda ochib ko'rdim va hammasini qayta qildim
  • Mobil
  • UX
  • Konfiguratsiya
  • Next.js

Telefonda ochib ko'rdim va hammasini qayta qildim

24
Bugun o'quv platformasini birinchi marta telefonda ochdim. Natija achinarli edi: menyu ekranga sig'maydi, tugmalar barmoq uchun juda kichik, mavzular ro'yxatida esa yon tomonga siljitish kerak. Eng katta muammo navigatsiya ekan. Kompyuterda yon menyu qulay, telefonda esa u ekranning yarmini yeb qo'yadi. Shuning uchun telefon uchun pastki menyu qildim — barmoq tabiiy ravishda pastda turadi, u yerdagi tugmalarga yetish oson. Ikkinchi muammo — orqaga qaytish. Kompyuterda brauzerning orqaga tugmasi bor va odam unga o'rgangan. Telefonda esa ilova ichida yurganday his bo'ladi va foydalanuvchi ekranda orqaga tugmasini qidiradi. Uni qo'shdim. Shu kuni yana bitta kutilmagan xato chiqdi. Baza manzili kodda ikki xil joyda o'qilar ekan, va biri muhit sozlamasini umuman e'tiborga olmasdi. Lokalda ishlaydi, serverda esa noto'g'ri bazaga ulanadi. Buni topish uchun ancha vaqt ketdi, chunki xato xabari "ulanib bo'lmadi" emas, balki "jadval topilmadi" edi — ya'ni ulanish muvaffaqiyatli, faqat boshqa bazaga. Ikkala joyni ham bitta manbaga bog'ladim. Endi baza manzili faqat bitta joydan o'qiladi. Xulosa: ishni faqat o'zing ishlatadigan qurilmada sinash yetarli emas.